3

34 2 2
                                    


***

     Ikki kun o'tib.
     – Yana bir qoshiq, azizam, men uchun.
     – Istamayman! – xona burchagiga qarab oldim.
     – Yaxshi.
     Robert kosani yerga tashladi. Idish chil-chil sinib, sho'rva yer bilan bitta bo'ldi. Ikkimiz ham bir-birimizga o'qrayib tikildik.
     – Nega xizmatchi ayolni o'ldirdingiz?
     – Miyasi suyilgan kampirni nazarda tutyapsanmi? – u miyig'ida kuldi. – Pichoq bergani aybi. Sen shu bilan tomiringni kesgansan! – uning yuzi jahldan qizardi. Damim ichimga tushdi. – O'zi uni bo'shatmoqchi edim.
     – Xo'p, mendan nima istaysiz?!
     – Buni o'zing juda yaxshi bilasan!
     Tushunarsiz qaraganimdan so'ng Robert meni dast ko'tarib, tashqariga chiqdi. Zinalardan odimlab, pastki qavatga tushgach, chiqish eshigiga yo'naldi.
     – Nima qilmoqchisiz? – yoshli ko'zlarim bilan unga boqdim. Nahot qo'yib yubormoqchi bo'lsa?
     Tashqari juda sovuq. Qahri qattiq qish. Shamol esib, oppoq qor yog'moqda. Biz ostonada to'xtadik. Men qorga tikilaman. U esa menga. Biroz turgach, Robert yana ikki-uch qadam oldinga yurdi. Asta yerga o'tirdi-da, meni bag'riga olib, yelkamga kamzulini tashladi. Qor parchalari allaqachon uning ustini qopladi. Kipriklarida, sochlarida qor, menikida ham shu ahvol.
     – Qorga qara, – u qandaydir g'alati tarzda gapira ketdi. – Oppoq, kirlanmagan, sof. Shuning uchun ham uni yaxshi ko'rishadi, suyishadi. Endi kel, seni ham u bilan taqqoslaylik, – Robert qo'lini yuzimga olib borib, asta siladi. – Sen ham xuddi qordek sofsan. Qalbing, go'yo qo'l tegmagan, kirlanmagan. Mana shunga seni sevib qolganman. Sen boshqalarga o'xshamaysan!
     – Axir siz meni tuzuk tanimaysiz ham-ku!
     – Oh, Debra, qanchalar soddasan, azizam, – u g'amgin kuldi. – Nahotki sen haqingda shu paytgacha bilmasam? Balkim ma'lumot to'plagandirman?
     Jimlik. Men ham, u ham o'yda.
     – Demak, meni qo'yib yubormaysiz, shundaymi?
     – Ha! Atrofni tomosha qil, malinam, balkim boshqa bunday fursat bo'lmas... – u ko'zyoshlarimni artib, meni qattiq bag'riga bosdi.
     Shu on hamma narsa men uchun ahamiyatsizdek bo'lib qoldi. Go'yo mavjud emasdekman. Faqatgina mayin qor yog'ishini sassiz kuzataman...

***

     Bir hafta o'tib.

     Xonam derazasidan g'amgin boqyapman. Qo'limda qandaydir roman, hatto nomini ham bilmayman. Lekin aynan shu kitob meni chalg'itmoqda.
     Bir hafta davomida u umuman kelmadi. Afsus! Qanchalar yomon ko'rsam-da, tan olib aytamanki, usiz anchagina zerikdim. U yagona suhbatdoshim, qaysidir ma'noda g'amxo'rim edi. Uch mahallik taomlanishda uning o'zi sherik bo'lar, meni yosh boladek ovqatlantirardi. Tavba, meni bandi qilgan odamni qanday qilib bunchalik ko'p o'ylayapman? Qadri o'tyapti deyishlik nimasi?!
     Kichik yangilik – men kundalik tutdim. Umrim bino bo'lib, qilmagan ishim: nimaiki o'ylarim bo'lsa, qog'ozga to'kib sochyapman. Klassikani sevib tinglamoqdaman. Mayin va sokinlik baxsh etuvchi kuylar mening ovunchog'imga aylandi. Bu yerga kelgan kunimni eslay olmayman. Rojdestvo ham o'tdi. Endi vaqt tushunchasining ahamiyati yo'q. Soatni sindirib tashladim. Chiq-chiq-chiq ovozidan har lahza ilojsizligimni, umrim behuda ketayotganini anglash alam qilmoqda.
     Eshik taqillab, ichkariga kirgan bir yigit xayolimni bo'ldi. Xizmatchilardan biri ekan. Qo'lida katta quti.
     – Xonim, shuni kiyib, yarim soatda pastki qavatga tushar ekansiz. Hozir qizlar kelib, sochingizni turmaklashadi.
     Yigit ketganidan so'ng qiziqishim ustunlik qilib, qutini ochdim. Vo ajab! Ochmasam bo'lar ekan. Qutinig ichida kelin ko'ylak bor edi.

***

     Ko'ylak kiyildi. Soch turmaklandi. Karaxtman. Qarshiliklarsiz pastki qavatga tushdim. Uning didiga tan berdim. Mayda toshlar bilan bezalgan yengil, bejirim ko'ylak va usti kapalaklar bilan qoplangan uzun yopinchiq menga juda yarashgandi.
     Xizmatchi qiz meni zalga boshladi. Yo'lak nim pushti gullar bilan bezatilgan. Qandaydir g'alati kuy. Xuddi azaga kelgandek his paydo bo'lmoqda. Yo'lakning oxirida ikki kishi ko'rindi: qo'lida kichik kitobcha ushlagan ruhoniy va u. Negadir kulgim keldi. U qora rangli smoking kiyibdi. Yuzida jilmayish. Mayin qadamlar bilan unga yaqinlashdim.
     – Ko'ylak senga juda yarashibdi! – Robert qo'llarimdan asta tutdi.
     – Nimalarni boshladingiz yana?
     – Ilg'ash qiyin emas deb o'ylayman. To'yimiz bo'lyapti, – u kuldi.
     – Rozi bo'lmasam-chi?
     – Unda bugun ruhoniyning kallasidan darcha ochiladi.
     – Qanchalar surbetsiz!
     – Bilaman, azizam.
     U ruhoniyga imo qilgach, xizmatchilar guvohligida nikoh marosimi boshlandi. Taqdirga tan berdim, kurashishdan naf yo'q.

***

     Ustidagi oppoq gullardan tashqari boshdan-oyoq qora rangda bezatilgan ikki kishilik stol yonidaman. Parishonxotir nomsiz barmog'imdagi uzukka tikilaman. Uzuk markazida kata qora olmos yurak, atrofida mitti oq toshchalar. Umuman olganda, chiroyli.
     – Azizam, nega hech narsa yemayapsan? – Robert sanchqini joyiga qo'yib, menga qaradi.
     – To'yim bunday bo'ladi deb hech o'ylamagan edim. Ikki kishilik kechki ovqat... – g'amgin kuldim.
     – Ishon, men bilan hammasi g'ayrioddiy. Bu kunda bizga hech kim kerak emas.
     – Men xonamga ko'tarila qolaman. Yoqimli ishtaha.
     O'rnimdan turib, ketishga chog'landim. Robert qo'limdan tutib, o'ziga qaratdi.
     – Nikoh o'yin emas. Biz endi rasman er-xotinmiz. Bu degani endi sen doim men bilansan! Xizmatchi seni yangi xonamizga kuzatib qo'yadi. Men o'n besh daqiqada yoningda bo'laman.
     U qo'limni qo'yib yuborgach, mehmonxonadan chiqdim. Xizmatchi ikkinchi qavatning o'ng yo'lagiga boshladi. Qo'limga oq rangli tungi ko'ylak tutqazib, chiqib ketdi.
     Yotoqxona haqiqiy hashamatga burkangan. Kattagina yotoqqa qarab, negadir ko'nglim xijil bo'ldi. Toshoyna qarshisiga o'tirib, aksimga tikildim. Yuzim yanada oqaribdi. Hayajonlanyapmanmi? Yo'q, bu qo'rquv, undan qo'rqyapman. Hozi arslon o'ljasini yeyish uchun keladi, ya'ni meni. Nimalar deyapman o'zi? Tentak. Yaxshisi, dush qabul qilaman.
     Yuvinish xonasiga bordim. Suv bilan to'ldirilgan, qondek qizil atirgul yaproqlari sochilgan vannani ko'rib, eshikka suyangancha tikilib qoldim. Negadir hamma narsa ko'zimga balodek ko'rinyapti. Yaproqlarni g'ijimlab olib, unitazga tashladim.
     Oq ko'ylak hamon egnimda. Jin ursin, o'zim yecha olmayman. Xizmatchi qizni chaqirish kerak. Qiz kelib, ko'ylak tasmalarini birma-bir bo'shatdi.
     – Xayriyat! Shu yerda kut.
     Vannaga qayta kirib, suvga o'zimni tashladim. Balki o'zimni shu yerda cho'ktirarman. Yana bir be'mani o'y. Sochiqqa o'ranib, vannadan chiqdim. Xizmatchi qiz sochimni quritib, yengil turmakladi.
     Balkim o'zimni sevgandek tutsam, u ishonib, erkinlik berar, shunda qochish imkoni paydo bo'lar. Yaxshi fikr. Xayolimga kelgan fikrdan jilmaydim. Ammo u endi meni erim-ku.
     – Achchiq qalampir kukuni kerak.
     Qiz ajablangancha qarab qoldi.

TutqunlikdaOnde histórias criam vida. Descubra agora